/linux-guide

Linux O'zbekcha gapiradi 📚

MIT LicenseMIT

title
Bosh sahifa

linux-banner

Linux - dunyodagi eng kuchli superkompyuterlarni, Internetni quvvatlaydigan serverlarning ko'pchiligini yurg'izib turadigan dolzarb tizim. Shuningdek, milliardlab Android qurilmalari, Arduino, aqlli soatlar va televizorlar - qisqasi, Linux hamma joyda uchraydi.

Linux'ni o'rganayotganda ko'plab distributivlarga duch kelasiz; u shoxdan bu shoxga sakrab, vaqtingizni bekor sarflash o'rniga, avval qat'iy reja tuzib oling. Linux hamma uchun ham optimal variant emas; bunga sabab drayver va dasturiy ta'minotning muvofiqligi bilan bog'liq bir qancha muammolar. Agar Linux'ni to'liq o'rnatishni va undan kundalik hayotda foydalanishni istasangiz, avvalo apparat mosligini va drayver uchun yetarlicha qo'llab-quvvatlash mavjudligini tekshiring - Linux bilan yaxshi chiqishadigan kompyuter sotib oling.

Quyida eng ko'p ishlatiladigan Linux distributivlarini keltirib o'tdim. Ulardan birini tanlang va virtual mashinalar orqali tajriba o'tkazing - bu asosiy kompyuterga zarar yetkazmay distributivni yaqindan o'rganish imkonini beradi.

Distributiv Rasmiy Havola
Fedora www.fedoraproject.org
Red Hat Enterprise Linux (RHEL) www.redhat.com
CentOS www.centos.org
Debian www.debian.org
Ubuntu www.ubuntu.com
Linux Mint www.linuxmint.com
SUSE www.suse.com
OpenSUSE www.opensuse.org

Qo'llanma

Bu yerda Linux va unga oid turli-xil dasturlar haqida ma'lumot ulashaman. Malumotlarni tartib bo'yicha yozishga harakat qilaman, lekin o'zimning yo'l xaritam mutlaqo tartibsiz. Qachondir yangi narsa o'rgansam, shu yerga qo'shib qo'yaman. Qo'llanma nafaqat yangi Linux foydalanuvchilari uchun, balki tajribali tizim administratorlari uchun ham foydali bo'ladi deb o'ylayman.

Reja

  • Maqolalarni o'qib, Linux haqida asosiy bilimga ega bo'lish. Linuxning tarixini, arxitekturasini, va umumiy tushunchalarni o'rganish uchun maqolalarni o'qing. Bu sizga Linux tizimining qanday ishlashini va uning boshqa operatsion tizimlardan farqini tushunishga yordam beradi.

  • Virtual mashinalar yoki WSL (Windows Subsystem for Linux) bilan tajriba o'tkazish. Linuxni xavfsiz muhitda sinab ko'rish uchun virtual mashina (VMware, VirtualBox) yoki WSL yordamida o'rganing. Bu sizga haqiqiy tizimga o'rnatmasdan turib, Linux buyruqlarini o'rgatadi va distributivlarning farqlarini sinash imkonini beradi.

  • O'zingizga mos Linux distributiv tanlash. Turli Linux distributivlarini (Ubuntu, Fedora, Arch, va boshqalar) o'rganib chiqing va o'z ehtiyojlaringizga mos keladigan birini tanlang. Tajriba o'tkazish va amaliy foydalanish orqali distributivning qulayligini baholang.

FAQ

Linux men uchunmi?

Linux'ni barchaga tavsiya qilsamda, geymerlar va texnik bilimga unchalik ega bo'lmagan oddiy odamlar bundan mustasno. Agar siz geymer bo'lsangiz, siz o'ynaydigan o'yinlar katta ehtimol bilan Linux uchun maxsus ishlab chiqilmagan - to'g'ri, emulyatorlar orqali o'ynash mumkin, ammo bu o'yin samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi xattoki kompyuteringiz eng zamonaviy rusumda bo'lsa ham.

Bu bilan nimaga erishaman?

Linux'ni o'rganish orqali siz texnologiyaning yuragiga kirib borasiz. Linux nafaqat butun dunyo bo'ylab serverlar, superkompyuterlar va IoT qurilmalarining asosi, balki tajribali dasturchilar va tizim administratorlari uchun ham kuchli vosita hisoblanadi. Bu tizim sizga to'liq erkinlik va personallashtirish imkoniyatini taqdim etadi. Linux'da ishlash orqali siz xavfsizlik, samaradorlik va barqarorlikka ega tizimlarni yaratish imkoniyatini ham qo'lga kiritasiz.

Linux qiyinmi?

Ha, va yo'q. Dastlab qiyin bo'lishi mumkin, ammo Linux juda oddiy. Har qanday yangi narsani, jumladan Linux'ni o'rganishda amal qilish kerak bo'lgan oddiy qoida shundaki - u bilan qancha ko'p mashq qilsangiz, shuncha oson bo'ladi. Lekin menda buning aksi bo'lgan, qancha ko'p o'rgansam, shuncha kam bilishimni tushunib yetib, hamma narsani kechiktirardim. Lekin asosiy kalit o'rganishni izchil davom ettirishda ekan. Mana endi vaqt o'tib faqat o'zimga kerakli malumotlarni o'rgandim va olgan bilimlarim masofadan serverlarni boshqarish, Docker orqali virtual mashinalar yaratish, apache, nginx kabi veb-serverlarni konfiguratsiya qilish, tasklarni avtomatlashtirish va Arduino, Raspberry kabi qurilmalar bilan ajoyib tajribalar o'tkazish imkonini berdi.

Linux'ni Android orqali o'rgansam bo'ladimi?

Agar sizda kompyuter bo'lmasa, xavotir olmang, Android orqali ham Linux'ni bemalol o'rganish mumkin. Bilmagan bo'lsangiz: Android platformasining asosi Linux hisoblanadi.

  1. Termux dasturini FDroid platformasidan tortib oling. Play marketdan o'rnatish tavsiya qilinmaydi chunki undagi versiya eskirgan.
  2. Ilova menejeri bilan tanishing. Biz bu yerdagi maqolalarda apt bilan ishlaymiz, lekin Termux'da ilove-menejeri pkg deb nomlangan. Misol uchun nginx o'rnatmoqchi bo'lsangiz: pkg install nginx
  3. Agar telefoningizda root o'rnatilgan bo'lsa ayni muddao! chunki bu yo'lingizda uchraydigan ko'plab to'siqlarni olib tashlaydi.

Mendan nima talab qilinadi?

Operatsion tizimlar, dasturlash tillari, GUI/CLI va terminal haqida bilsangiz kifoya. Agar siz o'zingizni "power user" ya'ni kuchli foydalanuvchi deb hisoblasangiz ham bu darsliklar aynan siz uchun.

Ingliz tilini bilaman, qaysi manbalarni maslahat berasiz?

Ingliz tilini bilsangiz, ayni muddao! Sizga edx.org platformasidagi "Linux Foundation" bepul to'liq kursini tavsiya qilaman. LinuxJourney.com saytida ham foydali resurslar mavjud. Shuningdek, quyidagi YouTube kanallarga obuna bo'lishni unutmang:

  • Learn Linux TV
  • Veronica Explains
  • Network Chuck
  • John Hammond
  • FreeCodeCamp

Qo'shimcha savollar

Muommo yoki boshqa savollar tug'ilsa, ushbu hamjamiyatimizdan so'rashingiz mumkin: community-chat

Ba'zi diagramma yoki darsliklar sizga tushunarsiz bo'lsa yoki o'z fikr/mulohazalaringiz bilan o'rtoqlashmoqchi bo'lsangiz, mendan t.me/comoyun orqali so'rashdan tortinmang. Bu men va hamjamiyat uchun foydali bo'ladi.

Keyingi sahifa: [[01-dars]]